Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI), O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi hamkorligida 5-sentabr kuni ot sporti bo‘yicha “Chellenj” jahon kubogining sirtqi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tashkilotchilar “Daryo”ga ma’lum qildi.
Musobaqa Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida bo‘lib o‘tdi.
Konkur – to‘siqlardan ot sakratish yo‘nalishidagi musobaqalar 15 yoshdan katta sportchilar o‘rtasida ikki toifa bo‘yicha o‘tkaziladi.
“A” toifasida King Kornet L laqabli oti bilan qatnashgan Nurjon Tuyoqboyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mirzohid Musayev Eloise tulpori bilan ikkinchi, Bekzod Qurbonov Harizma oti bilan uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ushbu toifada maksimal ball yig‘gan sportchilar 2016-yilda o‘tkaziladigan “Chellenj” jahon kubogining sirtqi final bosqichida ishtirok etishga nomzod bo‘ldi. Jahon kubogi g‘oliblari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oladi.
Musobaqaning “B” toifasida Vladimir Shmelev Yaffur laqabli oti bilan birinchi pog‘onani egalladi. Chikabo oti bilan qatnashgan Sardor Turg‘unboyev ikkinchi, Rio tulpori bilan turnirda ishtirok etgan Ibrohim Yo‘ldoshev esa uchinchi bo‘ldi.
Izoh (0)