Namangan viloyati Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan birinchi marta noyob operatsiya o‘tkazildi, deb xabar beradi “12news.uz”.
Operatsiya muassasaning qon-tomirlar jarrohlik bo‘limi boshlig‘i, oliy toifali shifokor Rahimov Baxtiyor Abdullayevich tomonidan o‘tkazildi. Joriy yilning mart oyida namanganlik Husniddin chorvaga yem tayyorlashda ota-onasiga yordam berish uchun elektr pichanqirqqichga xashak soldi. Shunda uning yengi agregat pichog‘iga ilinib qolib, elektr moslama uning chap qo‘lini yelkasigacha tortib ketdi.
Tez yordamda shifoxonaga yetkazilgan Husniddinda shifokorlar yelka suyagining sinishi, muskullar, tomirlar va nervlarning to‘liq uzilib ketganligini qayd etdi. Shifokorlar jamoasi zudlik bilan uzilib ketgan qo‘lni “tikish” bo‘yicha operatsiyaga kirishdi.
6 soat davom etgan ushbu noyob operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Husniddinning qo‘li “jonlanib”, u barmoqlarini harakatlantira oldi. Shuningdek, issiq va sovuqni sezmoqda. Yangi o‘quv yilini u jisman sog‘lom boshlay oladi.
Izoh (0)