20-avgust kuni kechqurun Toshkentdagi sobiq “Ona va bola” tibbiy markazi yaqinida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berib, ikki yosh qizning umriga zomin bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Fojia taxminan 20:50 da sodir bo‘ldi. Buyuk Ipak yo‘li va Sho‘rtepa ko‘chalari oralig‘idagi mitti tumanda yashovchi Yelena, Madina va Yuliya do‘kondan uyga qaytayotgan bo‘lgan. Yo‘lni ajratuvchi chiziqda turgan Alyona (Yelenani do‘st va yaqinlari shunday deb chaqirgan) va Madinani reys avtobusini quvib o‘tishga uringan Isuzu avtobusi urib ketgan, u kompaniyalardan biriga tegishli bo‘lgan.
O‘tkinchi mashinalardan birida bo‘lgan shifokor qizlarni kasalxonaga evakuatsiya qilishni tashkillashtirgan. Biroq Madina voqea joyida halok bo‘lgan bo‘lsa, Alyona TTZdagi Respublika jarrohlik ilmiy markazida shifokorlar qo‘lida jon bergan.
Voqeaga guvoh bo‘lgan uchinchi qiz — Yuliya hamon shok holatida, shifokorlar unga stress oqibatlarini bartaraf etishda yordam bermoqda. Hodisa guvohlari so‘zlariga ko‘ra, u mashinalar oqimida yuzaga kelgan bo‘shliqdan foydalanib, yo‘lni kesib o‘tishga shoshgan dugonalariga qo‘shilmay, yo‘l chetida qolgan edi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu yerda piyodalar o‘tish joyi yo‘q, biroq aholi gavjum to‘rt polosali yo‘lni tez-tez kesib o‘tishga majbur bo‘ladi. Haydovchilar ko‘pincha yo‘l belgilarini e’tiborsiz qoldiradi va tezlikni pasaytirmaydi.
Izoh (0)