“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida yuzaga kelayotgan navbatlarga izoh berib, rejadagidan qo‘shimcha miqdorda benzin yetkazib berishini ma’lum qildi.
“Ayrim shov-shuv ishqibozlari tomonidan aholi orasida — ‘bayram arafasida AYoQShlarda avtobenzin bo‘lmas ekan’, – degan shov-shuv gap tarqatilmoqda. Bu xususda ‘O‘zneftmahsulot’ aksiyadorlik kompaniyasi shuni ishontirib bayon qiladiki, bayram arafasida va undan keyin ham yonilg‘i ishlab chiqarishni mumkin qadar ko‘paytirish hisobidan AYoQShlarga nafaqat rejalashtirilgan miqdorda, balki unga qo‘shimcha miqdorda ham avtobenzin yetkazib berish mo‘ljallanmoqda”, — deyilgan “O‘zneftmahsulot” bayonotida.
“Shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida bayon etilgan shov-shuvlarga uchgan avtomobil egalari avtobenzinni keragidan ortiq xarid qilib, g‘amlab olishga harakat qilmoqda. Xususan, ayrim avtomobil egalari o‘z uylari yoki garajlarida avtobenzinni zaxira qilib qo‘yishga kirishgan. Bundan tashqari, chayqovchilik maqsadida AYoQShlarda avtobenzinni avtomobil bakini liq to‘ldirib olib, yaqin-atrofda kanistralarga bo‘shatish va yana avtobenzin olishga qaytish holatlari ko‘payib qoldi. O‘rni kelganda shuni alohida qayd etish kerakki, xavfli yonilg‘i mahsulotlarining maxsus moslashtirilmagan joylarda saqlanishi juda ko‘ngilsiz voqealarga olib kelishi mumkin”, — deyiladi kompaniya xabarida.
“Statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turganidek bunga avtomobillar sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi ham muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqdaki, mazkur holat, o‘z navbatida, shubhasiz avtobenzin iste’molining borgan sayin ortib borishiga olib kelmoqda”, — deb ta’kidlangan “O‘zneftmahsulot” bayonotida.
‘O‘zneftmahsulot’ aksiyadorlik kompaniyasi mazkur vaziyatni barqarorlashtirish uchun neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko‘paytirish, shu jumladan, chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xomashyosini keltirish va iste’molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Izoh (0)