Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterkning ma’lum qilishicha, Yevroittifoq 2014-2020-yillar mobaynida O‘zbekistonga 168 million yevro miqdorida grant mablag‘larini ajratishni rejalashtirgan. Bu haqda Review.uz xabar bermoqda.
2007-2010-yillarda O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun 28,6 million, 2011-2013-yillarda esa 42 million yevro miqdoridagi mablag‘ beg‘araz taqdim etilgan. Elchining qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan ko‘rsatiladigan beg‘araz yordam miqdori bundan buyon ham oshib boradi.
Qayd etishlaricha, 1994-2010-yillar mobaynida Tempus dasturi doirasida O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirish uchun 23 million yevro, 2011-2014-yillarda jinoyat qonunchiligini isloh qilishga ko‘mak berish uchun 9,7 million yevro, 2012-2016-yillarga mo‘ljallangan onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish loyihasi uchun 6,7 million yevro, 2013-2016-yillarni qamrab oladigan biznes-menejerlarning treninglari uchun 3 million yevro ajratilgan.
Shuningdek, byudjeti 10 million yevroga teng bo‘lgan yirik loyihalardan biri – qishloq joylarning barqaror rivojlanishiga ko‘mak berish dasturi ayni vaqtda ishlab chiqilmoqda.
Izoh (0)