2015-yil 9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 ta kodeks hamda 6 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonunga imzo chekdi. Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar beradi “Xushnudbek.uz”.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 131-moddasi (fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish) yangi og‘irlashtiruvchi band bilan to‘ldirildi.
Endilikda, mazkur jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, og‘irlashtiruvchi holat deb topiladi hamda olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
131-modda. Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish
Fohishaxona ochish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish —
eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda;
b) takroran, xavfli retsidivist yoki ushbu Kodeksning 135 yoki 137-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)