O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan Markaziy bank tomonidan jismoniy shaxslar-rezidentlarga naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom (pdf) tasdiqlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, avvalgidek, jismoniy shaxslar-rezidentlar tomonidan 5000 AQSh dollaridan oshgan naqd xorijiy valyutani O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish uchun Markaziy bank ruxsatnomasi olinishi shart.
Ruxsatnoma olish uchun Markaziy bankka Nizom ilovasida ko‘rsatilgan shaklda ariza (avval ariza shakli bo‘lmagan), pasport nusxasi, O‘zbekiston hududidan chiqish huquqini beruvchi ruxsatnoma nusxasi (oldin bunday hujjat ro‘yxatda bo‘lmagan), naqd xorijiy valyutaning kelib chiqish manbasini tasdiqlaydigan hujjatlarning asl nusxalari ko‘rsatilgan holda ularning nusxalari, xorijga chiqish maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Jismoniy shaxslar-rezidentlarning arizalarini ko‘rib chiqish va ularga ruxsatnomalarni berish yoki berishni rad etish ariza kelib tushgan sanadan boshlab o‘n kundan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi, birinchi nusxasi jismoniy shaxs-rezidentga beriladi, ikkinchi nusxasi Markaziy bankda qoldiriladi. Ruxsatnoma berilgan sanadan boshlab uch oy davomida haqiqiy hisoblanadi.
Izoh (0)