Farg‘ona viloyatida ham “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 467 nafar 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali hamda pul mukofotlari topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
159 nafar urush faxriysi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan televizorlar bilan bepul ta’minlandi. Yil boshidan buyon 500dan ziyod keksalar viloyatdagi sihatgohlarda dam oldi, salomatligini mustahkamladi. Qishloqlarda istiqomat qilayotgan 8 ming 680 nafar keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 3 ming 250 dan ziyod otaxonu onaxonlarning kinoteatr, teatr, muzeylarga, konsertlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarga bepul borishi tashkil etildi.
97 mahalla fuqarolar yig‘inida otalar choyxonasi, shaxmat-shashka klubi tashkil etildi. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida keksa yoshdagi 206 mehnat faxriysining Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva, Andijon, Qo‘qon shaharlariga sayohati uyushtirildi. Shu kunlarda joylarda “Asr bilan yuzma-yuz”, “Keksalar duosini olaylik” kabi aksiyalar o‘tkazilmoqda.
Xususan, viloyatning Rishton tumanida hamkor tashkilotlar bilan birga 18 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisiga 1 million 100 ming so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. “Mahalla” fondi tuman bo‘limi sa’y-harakati bilan hududda istiqomat qilayotgan 65 nafar keksaning uy-joyi ta’mirlandi. Bundan tashqari, 50 nafar yolg‘iz va yordamga muhtoj keksalarga uy-ro‘zg‘or buyumlari va sovg‘alar berildi. “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda “Keksalar zavqi” sport musobaqasi tashkil etildi.
“Nuroniylarning yurtimizdagi diqqatga sazovor joylar, tarixiy shaharlarga sayohati tashkil etilib, ular mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirilmoqda”, - deyiladi O‘zA xabarida.