“O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatini rivojlantirish” loyihasi doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilar qabul qilinadi. Bu haqda loyiha tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Markazda o‘qish (kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash) quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha bepul amalga oshiriladi – avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish (avtochilangarlar, motorchilar, avtomobillar diagnostikasi bo‘yicha mutaxassislar), mashinasozlik ishlab chiqarishi (tokarlar, frezerchilar, metallga ishlov berish mutaxassislari), elektr va elektronika (maishiy texnika, radio va teleapparatlarni ta’mirlaydigan mutaxassislar), axborot texnologiyalari (hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar).
Markazda kasb-hunarga o‘qish muddati 10 oy, shundan Markazda o‘qish – 6 oy, ishlab chiqarish amaliyoti – 4 oy.
Shuningdek, Markazda yuqorida qayd etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha shartnoma asosida korxonalarning ishchi-xodimlari hamda O‘zbekistonning mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasblar bo‘yicha ish izlayotgan shaxslar pullik asosda qisqa muddatda o‘qitiladi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.
Kasb-hunarga o‘qitish markaziga hujjatlar o‘qish istagini bildirganlarning ixtiyoriy tanloviga muvofiq tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining yo‘llanmasi asosida qabul qilinadi.
Toshkent shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazining bitiruvchilariga egallagan kasbi (mutaxassislik) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom (sertifikat) beriladi. Hujjatlar 2015-yil 15-maydan 15-iyungacha qabul qilinadi.
Izoh (0)