“Paxtakor” Chempionlar ligasi doirasida o‘z maydonida “Ash Shabob” jamoasini qabul qildi va mag‘lubiyatga uchradi, deb xabar beradi Uff.uz.
Uchrashuv ilk daqiqalardanoq “paxtakorchilar” uchun omadsiz boshlandi. Beshinchi daqiqada “Ash Shabob”da qulay imkoniyat yuzaga keldi. Musa al-Shammari bosh bilan yakuniy zarbani berishda adashmadi. Bu vaqtda Aleksandr Lobanov faqat tomoshabin vazifasini o‘tab berdi, xolos.
Shundan so‘ng “paxtakorchilar” oldinga tashlandi, Samvel Babayan esa birinchi bo‘limdayoq o‘zgarishlar qilishga kirishdi. Biroq Jaloliddin Masharipov o‘rniga maydonga tushirilgan Bahodir Pardayev ham hech narsa qila olmadi. Shu tariqa birinchi bo‘lim “Paxtakor”ning kichik hisobdagi mag‘lubiyati bilan yakuniga yetdi.
Ikkinchi bo‘limda “Paxtakor” bosimni oshiradigandek ko‘ringan edi. Ammo “Ash Shabob” tartibli o‘yin olib bordi va bo‘lim o‘rtalariga kelib ketma-ket hujumlar tashkil qildi. 65 daqiqada amalga oshirilgan mana shunday hujumlardan biri Lobanov darvozasi tomon penalti belgilanishi bilan yakuniga yetdi.
Abdulloh al-Asta penaltini shoshilmay, asta va xotirjam amalga oshirib, jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa “Paxtakor” Chempionlar ligasi so‘nggi turida o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi va musobaqadan chiqib ketdi. Eslatib o‘tamiz, bunga qadar “Lokomotiv”, “Bunyodkor” va “Nasaf” ham OChLdagi ishtirokini yakunlagan edi.
OChL, yarim final
“Paxtakor” – “Ash Shabob”: 0:2
Gollar: Musa al-Shammari 5, Abdulloh al-Asta, 65 (pen)
“Paxtakor”: Aleksandr Lobanov, Aleksandr Merzlyakov, Adnan Oraxovats, Davron Hoshimov, Javohir Sohibov, Vladimir Kozak, Kaxi Maxaradze, Jamoliddin Masharipov, Sherzod Karimov, Stanislav Andreyev, Igor Sergeyev.
“Ash-Shabab”: Muhammad Alovays, Abdulloh al-Asta, Xassan Muaz, Muhammad Aval, Majid Marshadi, Abdulmajid Sulayhim, Abdulmalik al-Haybari, Abdu Atif, Said al-Dosari, Abdulrahmon Haybori, Musa al-Shammari.
Izoh (0)