Namangan viloyatida faoliyat olib boruvchi xususiy uzumchilik, bog‘dorchilik xo‘jaligi hamda bir nechta fermer xo‘jaliklari rahbarlariga bir MChJ rahbari murojaat qilib, mahsulotlarni tez va ma’qul narxlarda sotib berishini aytgan edi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
Xo‘jaliklar rahbarlariga to‘ldirilmagan shartnomalarni imzo va muhr uchun taqdim etgan MChJ direktori aslida hech narsa xarid qilmadi. Qayd etilishicha, u noma’lum shaxslardan va joylardan olingan 12 million 861 ming 985 AQSh dollari qiymatidagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chet elga eksport qilgan. Biroq Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibining tegishli bandlariga zid ravishda MChJning faoliyati davomida eksport qilingan mahsulotlar sotuvidan tushgan summaning 6 million 430 ming 992 AQSh dollarini O‘zbekiston Respublikasining vakolat berilgan banklari hisobiga o‘tkazmagan.
Bundan tashqari, MChJ rahbarining mansab vakolatiga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida 2013-yil va 2014-yilning 1-oktabri holatiga ko‘ra, ishchi va xizmatchilarning ish haqi bo‘yicha qarzdorlik 51 million 753 ming so‘mga yetgan.
Shuningdek, jamiyatning o‘ta muhim tovar-moddiy boyliklari hisobotlari, bosh kitobi, ish haqi hisoblash kitobi, kassa kitoblari va boshqa hujjatlar hamda blankalar qasddan yashirilib, yo‘q qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi mazkur ishni ko‘rib chiqib, huquqbuzarni qilmishiga yarasha jazoladi.
Izoh (0)