WBA versiyasi bo‘yicha superog‘ir vazndagi jahon chempioni – O‘zbekistonlik Ruslan Chagayev (33 g‘alaba, jumladan 20 nokaut, ikki mag‘lubiyat, bir durang) o‘zining keyingi raqibi kim bo‘lishiga aniqlik kiritolmayapti, deb xabar berdi “12news.uz”.
Avvalroq, Nyu-York sudi Chagayev puerto-rikolik Fres Okendo bilan takroriy jang o‘tkazishi lozimligi, buni rad etgan taqdirda WBA chempionligidan mahrum bo‘lishi haqida qaror qabul qilgan edi. Bokschilarning 2014-yil iyunida Grozniyda bo‘lib o‘tgan dastlabki jangida Chagayev 115:113, 115:113, 114:114 hisobida g‘alaba qozongan edi. Chagayevning promouteri Timur Dugazev Amerika sudi bu ishda nimadir hal qilishi mumkin emasligini ma’lum qilgan.
“Hammaga ma’lumki, Chagayev va Okendoning jangi Grozniyda Moskva yurisdiksiyasi ostida bo‘lib o‘tgan edi. Jangdan keyin doping aniqlanganiga qaramay, u 225 ming dollarlik gonorarni to‘liq oldi. Okendo majburiy nomzod maqomiga halol erishmaguncha hech qanday revansh bo‘lmaydi. Unda imkoniyat bore di, biroq u taqiqlangan usullardan foydalanib ham yutqazdi. U menga shantaj qilishda davom etmoqda. Bunday odamlarga boksda joy yo‘q, ularni chetlatish lozim”, − dedi Dugazev.
Qayd etilishicha, Chagayevning navbatdagi jangi iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tadi, lekin uning raqibi avstraliyalik majburiy nomzod Lukas Braun bo‘lmaydi. 2015-yil 27-mart kuni 36 yoshli Chagayev va 35 yoshli Braunning tomonlari kelishuvga erishishi kerak bo‘lgan muddat nihoyasiga yetgan edi.
Izoh (0)