Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida xalq san’ati bo‘yicha bo‘lib o‘tgan “Jivoy Rodnik” nomli VI xalqaro tanlovda O‘zbekistonning 15 nafar musiqachisi munosib ishtirok etib qaytdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 21-22-mart kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan yosh ijrochilar o‘zlarining mahoratlarini namoyish etdi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalar, o‘smirlar va yoshlar orasida iqtidorlarni e’tirof etish, ularni xalq san’atining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish va milliy aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.
Tanlov ikki bosqichda tashkil etilgan bo‘lib, yosh toifasiga qarab o‘quvchilar 4 guruhga bo‘lingan holda bellashdi. Ular yakkaxon, folklor etnografik jamoalar, akademik xonandalik, vokal xorografiya, cholg‘uchilik va vokal cholg‘u ansambllari, xor, folklor jamoalar, ansambl va orkestrlarga bo‘lingan holda musobaqalashdi.
Xalqaro tanlov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillarining 10 nafari birinchi o‘rin bilan qaytdi. Ikki nafar ishtirokchi esa jo‘rnavozlik yo‘nalishida diplom bilan taqdirlandi.
Izoh (0)