Murabbiy Ubirajara Vega Da Silva “Paxtakor” va O‘zbekiston MTJ boshqaruvida faoliyat yuritganda ko‘pchilikning mehrini qozongan. O‘z vaqtida braziliyalik murabbiylar va o‘yinchilar o‘zbek futboliga ancha shiddat olib kira olgan edi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Savol: “Bunyodkor” va “Lokomotiv” OChLda uchta o‘yin o‘tkazib, birgina ochko bilan qolmoqda. Bu jamoalar guruhdan chiqishi mumkinmi?
Javob: Jamoalar juda og‘ir holatda qolgan. Ammo matematik jihatdan olsak ham, ularda guruhdan chiqish uchun imkoniyat bor. Hozir bu jamoalar bir maqsad yo‘lida birlashib, yanada ko‘proq ishlashi lozim. Yana bir narsa borki, bu ham o‘zbek klublariga qo‘l kelishi mumkin. Endi ular raqiblarga qarshi qanday o‘ynash kerakligini yaxshi biladi.
Savol: O‘zbek futbolida bir xil o‘yin va standart o‘yin uslubi saqlanib qolayotgandek. Bu esa raqiblarga jamoalarimiz o‘yinini o‘rganishda qo‘l kelmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bizga nima yetishmayapti?
Javob: Men har bir murabbiy o‘zining aniq va tajribadan o‘tgan o‘yin uslubiga ega bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Shu bilan birga raqib uchun kutilmagan o‘yin namoyish etish ham muhim ahamiyatga ega. Men murabbiylarda hurmat qiladigan jihat – o‘yin vaqtida zaxira imkoniyatlardan foydalanmasdan, asosiy tarkibda maydonga tushgan 11 futbolchi yordamida taktikani o‘zgartira olishdir. Shu bilan birga hujumkor futbolga urg‘u berish lozim, deb o‘ylayman.
Yaxshi taktika tanlash uchun jamoani to‘g‘ri shakllantirishga e’tibor berish kerak. Murabbiy o‘z uslubiga mos keladigan futbolchilarga ega bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda futbolchilarning saviyasi qay darajada baland bo‘lsa, kuchli jamoa shakllantirish shunchalik oson bo‘ladi. Agarda jamoangizda yuqori iqtidor egalari bo‘lmasa ham, o‘z ishiga sadoqat bilan munosabatda bo‘ladigan va jamoasi uchun bor kuchini tashlaydigan futbolchilar bo‘lsa, raqibni mag‘lub etish mumkin. Ammo bu g‘alabaga sabab bo‘ladigan asosiy omil bo‘la olmaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, futbolchilarning texnik ko‘rsatkichi, murabbiylar shtabi mahorati, maqsad va barchaning yaxlit bir kuch bo‘lib birlashishi muhimroq. Aynan mana shu jihatlar g‘alabaga olib keladi.
Savol: O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylayapsizmi?
Javob: Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Bu mamlakatda bo‘lganimda “Paxtakor” klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqardim. Faoliyatim davomida klub va terma jamoada ba’zi maqsadlarimga yeta oldim. Hozirda OChLda ishtirok etayotgan barcha klublar o‘z murabbiyiga ega. Ammo O‘zbekistondan taklif bo‘lsa, bajonidil uni ko‘rib chiqaman. Men har doim muzokaralar uchun ochiqman va o‘zbek futboliga yordam berishni istayman. Shuningdek 2018-yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda ham qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyorman.
Savol: O‘zbekistonda mana 5 yildirki braziliyalik futbolchilar o‘ynamayapti. Ular yorqin o‘yin namoyish qilardi va muxlislar stadionga kelardi. Agar O‘zbekistonga qaytsangiz, o‘zingiz bilan ba’zi futbolchilarni olib kelishingiz mumkinmi?
Javob: Menga o‘zbek futbolchilari juda yoqadi. Men O‘zbekistonda ishlaganimda Shkvirin, Qosimov, Akopyans, Abduraimov va Bugalo kabi futbolchilar bilan birga ishlaganman. Ularning barchasi juda iqtidorli edi. Agar klublar Braziliyadan futbolchi taklif etishga qodir bo‘lsa, bu albatta juda yaxshi bo‘lardi. Chunki braziliyalik futbolchilar o‘z o‘yini bilan muxlislarni stadionga chorlay olish mahoratiga ega.
Izoh (0)