Toshkent shahar hokimining joriy yil 20-martida imzolagan 31-f sonli farmoyishiga ko‘ra, “Navro‘z” umumxalq bayrami tantanalarini o‘tkazish vaqtida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator ko‘chalarda transport harakatining cheklanishi belgilandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 21-mart kuni soat 06:00 dan 16:00 gacha “Bunyodkor” ko‘chasining Muqimiy ko‘chasi bilan kesishuvidan to “Qoratosh” ko‘chasi bilan kesishuvigacha, “Qoratosh” ko‘chasining “Samarqand darvoza” ko‘chasi bilan kesishuvidan “Bunyodkor” shoh ko‘chasi bilan kesishuvigacha, “O‘zbekiston” ko‘chasining “Bunyodkor” ko‘chasi bilan kesishuvidan to “Olmazor” ko‘chasi bilan kesishuvigacha, Bobur ko‘chasining “O‘rikzor” ko‘chasi bilan kesishuvidan “Sharshara” ko‘chasi bilan kesishuvigacha, “Beshyog‘och” ko‘chasining “O‘zbekiston” ko‘chasi bilan kesishuvidan Furqat ko‘chasi bilan kesishuvigacha, Furqat ko‘chasining “Sharshara” ko‘chasi bilan kesishuvidan Navoiy ko‘chasi bilan kesishuvigacha, “Olmazor” ko‘chasining “O‘zbekiston” ko‘chasi bilan kesishuvidan “Beshyog‘och” ko‘chasi bilan kesishuvigacha, “Baynalmilal” ko‘chasining “Bunyodkor” ko‘chasi bilan kesishuvidan “Beshyog‘och” ko‘chasi bilan kesishuvigacha bo‘lgan qismlarida, shuningdek “Sebzor” hamda “Zarqaynar” ko‘chalarining tonnelga kirish joyidan boshlab transport harakati to‘xtatiladi.
Farmoyishda bayram tadbirlari hamda xalq sayllari o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan Markaziy zobitlar uyi, Toshkent Hayvonot bog‘i, O‘zbekiston Davlat sirki, “Baxt diyor” guzari oldi maydonlari, Mirzo Ulug‘bek, Furqat, Bobur, G‘afur G‘ulom nomidagi, shuningdek “Gulshan”, “Suvchi” dahasidagi “Quyoshcha nuri” istirohat bog‘lariga tutash ko‘chalarda ham xalq sayllari vaqtida vaziyat taqozo etganda yo‘llarda harakatlanishning cheklanishiga ruxsat berilishi ko‘rsatilgan.
21-mart kuni soat 06:00 dan 16:00 gacha metroning “Milliy bog‘” hamda “Bunyodkor” bekatlarining “Istiqlol” san’at saroyi tomoni yopilishi ham belgilangan.
Farmoyishda tegishli jamoat transporti xizmati tashkilotlariga tadbirlar hamda sayllar yakunlanishi davrida xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarining sonini oshirish vazifasi yuklatilgan.
Izoh (0)