Samarqandda joylashgan aholiga pullik xizmat ko‘rsatuvchi “Sayqal savdo korxonasi” MChJda ekspeditor vazifasida faoliyat yurituvchi fuqaro pul topishning turli yo‘llarini o‘ylab ko‘rdi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
U jamiyat nomidan shahar hokimligiga ochiq va yopiq turdagi omborlar borligi (aslida umuman bo‘lmagan), omborlarga temiryo‘l kirganligi, texnikalar yetarli ekanligi haqida xat tayyorladi. Xatni o‘rganib chiqqan mutasaddilar korxonaga shaharning kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taqchil hududlarda joylashgan 14 ta mahallaga ko‘mir yetkazib berish vazifasini yukladi.
Shu tariqa, viloyat hokimligining qarori bilan korxona “O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli “O‘zko‘mir” OAJdan 500 tonna ko‘mir olinib, risoladagidek tarqatildi. Keyingi safar esa 4 vagon ko‘mir “izsiz” yo‘qoldi. Buni “Sayqal savdo korxonasi” MChJ ekspeditoridan boshqa hech kim sezmadi.
Keyinroq “O‘zko‘mir” OAJdan ko‘mir qabul qilib olishga borgan ekspeditor Angren shahrida katta miqdorda ko‘mir sotib oladigan shaxslarni uchratib qoldi. Ular bilan savdolashib, har bir vagon ko‘mir uchun 10 million so‘mdan naqd sanab oladigan bo‘ldi.
Ekspeditor “Sayqal savdo korxonasi” MChJ hujjatlari asosida “O‘zko‘mir” OAJdan 4 vagonga joylashtirilgan 276 tonna, umumiy bahosi 30 million 636 ming so‘mlik ko‘mirni olib chiqib, hujjatlardagi joylarni o‘zgartirdi. Ko‘mirlarni esa turli yo‘l bekatlarida “gumdon” qildi. Qo‘lga kiritilgan 38 million so‘m naqd pulni bank muassasasiga topshirmadi.
Shundan so‘ng, ustomonlik bilan tayyorlangan soxta hujjatlarni “O‘zko‘mir” OAJga topshirib, transport xarajatlari uchun 4 million 520 ming so‘mni ham qo‘lga kiritdi. Oqibatda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan ko‘mir hududdagi fuqarolarga yetib kelmadi.
Sud ekspeditorning qilmishlarini o‘rganib chiqib, uni tegishli jazoga tortdi.
Izoh (0)