O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilari missiyasi Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.
Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov mehmonlarni 2015-yilgi saylov kampaniyasi bilan tanishtirib, u O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov to‘g‘risidagi qonunlar va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
MDH uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni bilan tanishtirdi. Qayd etilganidek, ularga saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilgan.
Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni o‘tkazadi. Missiya shtabi vazifalariga saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish, nomzodlarning saylov shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish kiradi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilar missiyasi 2014-yilgi parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish natijalari yuzasidan o‘z bayonotida saylov qonunchiligining izchil takomillashtirilishi ochiq, erkin va demokratik saylovlar uchun zarur huquqiy asoslar yaratdi, degan xulosa berdi. Saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari, amaldagi saylov qonunchiligi va umum e’tirof etilgan xalqaro demokratik huquqiy normalariga to‘la muvofiq ravishda ko‘ppartiyaviylik va partiyalararo raqobat asosida o‘tkazildi, shaffof va ochiq bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolarining o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta’minladi.
Tadbir yakunida missiya kuzatuvchilariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan mandatlar topshirildi.
Izoh (0)