“Eng zamonaviy qaynona” nomiga “MY5” telekanali orqali namoyish etilayotgan “Qaynona-kelin” serialidagi roli uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayeva loyiq ko‘rildi. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar bermoqda.
“Hayotda juda qattiqqo‘l qaynona emasman. Kelinim singlim bo‘lgani bilan (xonanda turmush o‘rtog‘ining o‘g‘liga o‘z singlisini kelin qilgan) tergayman, ro‘zg‘or yumushlarini o‘rgataman. Lekin hamma ishiga burnimni suqavermayman. Axir ular ham yosh, o‘zi istagancha yashashni xohlaydi. Ikki yoshning orasiga tiqilib, o‘g‘liga kelinini yomonlaydigan qaynonalardan emasman. Agar kelinim singlim bo‘lmagan taqdirda ham bunday qilmasdim.
Lekin men uydaligimda ko‘zimdan yo‘qolib qolishiga, uyiga kirib ketishiga yo‘l qo‘ymayman. Kelinmi, yonimda bo‘lsin. Issiq-sovug‘imdan xabardor bo‘lib tursin, deyman-da.
Serialdagi kelinim Parizodani ham juda yaxshi ko‘raman. U biroz ayyor bo‘lishiga qaramay, shirinsuxanlik bilan ko‘ngilga yo‘l topa oladi. Ishini darrov bitiradi. Hamma kelinlar unga o‘xshasa, qaynonalar jon desa kerak”.
Izoh (0)