Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan “Metodist maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur maktablar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar malaka oshirish institutlari negizida tashkil etilib, unga tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmalarida faoliyat ko‘rsatayotgan metodistlar jalb qilinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.
Mazkur mahorat maktablarini tashkil etishdan asosiy maqsad zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy etish tendensiyalari bo‘yicha metodistlarni xabardor qilish, ularga soha yangiliklarini yetkazish, ularning kasbiy mahoratini oshirishdan iborat. O‘z navbatida, metodistlar mazkur yangiliklarni umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga yetkazadi.
Metodistlar maktabi har oyning oxirgi juma va shanba kunlari bo‘lib o‘tib, mashg‘ulotlar 16 soatni tashkil qiladi. Darslar Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari, viloyat malaka oshirish va davlat pedagogika institutlari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, “Iste’dod” jamg‘armasining trenerlari tomonidan interaktiv usullarda tashkil qilinadi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada 18 ta umumta’lim fanlaridan 2000 dan ortiq metodist faoliyat ko‘rsatib, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-dekabrdagi 362-sonli qarori bilan “Xalq ta’limi muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan joriy yilning 1-yanvaridan metodistlar oylik maoshlari oshirildi.
Izoh (0)