O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 4-mart kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi Ya.Allayorov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Pardayev yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida milliy tiklanish g‘oyasini amalga oshirish, milliy o‘zlikni anglash, O‘zbekiston tarixini xolislik tamoyillariga asoslangan tarzda uzluksiz va tizimli o‘rganish, yurtimizdagi madaniy yodgorliklar, shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishi, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi o‘rinbosari H.Mahkamova, partiyaning Tayloq tumani kengashi raisi Sh.Behbudov, ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Jomboy tumani kengashi raisi Z.Otamurodova va boshqalar nomzodning dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la javob beradigan mustahkam milliy saylov qonunchiligi yaratilganining tasdig‘i ekanini qayd etdi.
Izoh (0)