Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha an’anaviy “Stranja” xalqaro turnirida yarim finalchilar ma’lum bo‘ldi. O‘z tarixida 66-bor tashkil etilgan mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston charm qo‘lqop ustalari ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazyapti, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Quvonarlisi, kecha, 26-fevral kuni ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik bokschilardan to‘qqiz nafari raqiblarini mag‘lub etdi.
Kechagi kun bahslarini ham 49 kg vaznli bokschilar boshlab berdi. Ushbu vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustasi Abdulla Qo‘chqorov ukrainalik Dmitro Zamotayevni 3:0 (29:28, 29:28, 29:28) hisobida taslim etdi.
52 kg vaznda ringga chiqayotgan Shahobiddin Zoirov ukrainalik Igor Sopinskini 3:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Hakamlar 29:28, 30:27, 30:27 hisoblarida g‘alabani Shahobiddinga taqdim etdi.
56 kg vaznda ringga ko‘tarilayotgan Murodjon Ahmadaliyev ham g‘olibona yurishini davom ettirdi. U bu safar irlandiyalik Nort Uolkerni 2:1 (29:28, 28:29, 29:28) hisobida yengishning uddasidan chiqdi.
60 kg vazndagi Elnur Abduraimov esa teng kurashlar ostida kechgan jangda bolgariyalik Elian Dimitrovga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Belaruslik hakam 30:27 hisobida g‘alabani Elnurga berdi. Moldova va chexiyalik hakamlar esa bir xil 29:28 hisobida mezbon bokschining g‘alabasini ta’minladi.
64 kg vazni toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Fazliddin G‘oibnazarov ancha kuchli raqib qozog‘istonlik G‘ani Jaylauovni 3:0 (30:27, 29:28, 30:27) hisobida dog‘da qoldirdi.
69 kg vazndagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Isroil Madrimov ham g‘alaba nashidasini surdi. Isroil armanistonlik raqibi Vladimir Margaryanni 3:0 hisobida yengdi. Hakamlarning bari bir xil 30:27 hisobida g‘alabani Isroil Madrimovga taqdim etdi.
75 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan Nankin o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev turkiyalik Osman Aydin ringga chiqishdan bosh tortgani uchun jangsiz keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
81 kg vazn toifasida qatnashayotgan tajribali bokschi Elshod Rasulov ham chiroyli g‘alabaga erishdi. U shveysariyalik Uke Smaylidan 3:0 (30:27, 30:27, 30:27) hisobida ustun keldi.
91 kg vazn toifasidagi Rustam To‘laganov irlandiyalik Darren Oneyldan 3:0 hisobida ustun keldi. Uchchala hakam ham o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining bir xil 30:27 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Eng og‘ir +91 kg vazn toifasidagi O‘zbekiston vakili ham chiroyli g‘alabaga erishdi: Bahodir Jalolov ukrainalik raqibi Legor Plevakoni birinchi raundning o‘zidayoq nokautga uchratdi.
Izoh (0)