Osiyo Chempionlar ligasi doirasida “Paxtakor” va “Naft” klublari o‘rtasida kechadigan uchrashuv oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida, avvalo, raqib jamoa bosh murabbiyi Ali Rizo Mansurian ishtirok etishi lozim edi. Ammo “Naft” bosh murabbiyi o‘z vaqtida yetib kela olmagani tufayli birinchi bo‘lib “Paxtakor” bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda Akbar Ismatullayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Samvel Babayan: Ertaga bo‘ladigan o‘yin biz uchun katta ahamiyatga ega. Chunki mavsumdagi ilk o‘yinni OChLda o‘tkazamiz. Hozirdan o‘z maqsadimizni aytib o‘tmoqchi emasman. Biz uchun har bir o‘yin muhim va ularni chiroyli suratda o‘tkazmoqchimiz. Raqib haqida shuni aytishim mumkinki, “Naft” Eron chempionatida ishtirok etishi ham ko‘p narsadan dalolat beradi. Bu chempionat juda kuchli, raqib esa unda yetakchilik qilmoqda. Shunday bo‘lsa-da biz raqibni yaxshilab o‘rganganmiz: uning kuchli va kuchsiz tomonlaridan boxabarmiz. Biz ertaga g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
Akbar Ismatullayev: Bu o‘yin qay darajada muhimligini barchamiz tushunib turibmiz. Raqibni o‘rgandik va o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga maydonga tushib, muxlislarni xursand qilamiz.
Savol: Ertaga jismoniy tayyorgarlik muhim ahamiyat kasb etishi aniq. Bu borada nima deya olasiz?
Javob: Har ikki jamoaning tayyorgarligini ko‘rib chiqsak, albatta, raqibimiz bu borada bizdan ancha kuchli ko‘rinadi. Buni tan olish kerak. Chunki ularda mavsum davom etmoqda. Biz esa faqat o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazdik. Ammo “Paxtkor” o‘z uyida o‘ynaydi va, eng muhimi, OChLda o‘ynash uchun juda katta tajribaga ega. Shunday ekan, biz g‘oliblik uchun kurashamiz. Mavsum boshidagi o‘yin uchun yetarlicha jismoniy tayyorgarlik ko‘ra olganmiz, deb o‘ylayman.
Savol: Jamoada jarohat olganlar yo‘qmi? Kozak haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob: Kozak ertaga maydonga tushishga tayyor. Tarkibda jarohat olganlar yo‘q. Faqat Kamoliddin Tojiyevni istisno qilganda, qolgan barcha futbolchilar maydonga tushishga tayyor. Kamol operatsiya qilingan va ikki oy o‘ynay olmaydi.
Savol: Musobaqada chempion bo‘lishni maqsad qilganingizni aytgan edingiz. Shu sababli tarkib kuchaytirildi. Ammo Alibobo Rahmatullayev nima uchun jamoada emas?
Javob: Biz uni jamoaga taklif qildik va ikki oy davomida birga ishladik. Ammo bizning qarashlarimiz to‘g‘ri kelmadi. Alibobo juda katta maqsadlar sari intilmoqda. Bizning qarashlarimiz o‘zaro to‘g‘ri kelmadi. Futbolchi bilan kelishib, shartnomani bekor qilishga qaror qildik. Albatta, u juda katta iqtidorga ega. Shunday bo‘lsa-da, ikki oylik faoliyati davomida hamkorlik qilmagan ma’qul, degan qarorga keldik.
Savol: Raqib 22 o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti. Bu holat sizga ortiqcha bosim yuklamaydimi?
Javob: Biz qur’adan so‘ng darhol raqibni o‘rganishni boshlaganmiz. Hozirda “Naft” haqida barcha ma’lumotga egamiz. Ertaga bo‘ladigan o‘yin uchun reja tuzib qo‘yganmiz. Raqib tarkibida har bir futbolchi bir-birini to‘ldirish qobiliyatiga ega. Bizning vazifamiz – raqibga o‘z o‘yinini ko‘rsatish imkonini bermaslik va xato qilishga majburlash. “Naft” juda kuchli ekanini tushunib turibmiz. Raqibning har bir futbolchisi jamoa uchun o‘ynaydi. Shunga qaramasdan biz ertaga munosib o‘yin ko‘rsatishga tayyormiz. Biz chempionlarga xos o‘ynashimiz kerak.
Savol: “Naft” tarkibida biror futbolchini alohida ajratib ko‘rsata olasizmi?
Javob: Albatta, raqib tarkibida kuchli futbolchilar bor, ammo baribir jamoaviy o‘yinga urg‘u bergan bo‘lardim.
Savol: O‘tgan mavsum Yegor Krimets tayanch yarim himoyasida o‘ynagan edi. Agar ertaga Kozak maydonga tusha olmasa, Krimets markazga o‘tishi mumkinmi?
Javob: To‘g‘ri aytdingiz, biz o‘tgan mavsum shunday o‘zgarishlar qilgan edik. Ammo Krimetsni markazga olsak, uning o‘rnini bosa oladigan Tojiyev jarohat olgan, Miladinovich esa jamoadan ketgan. Shunday ekan, Yegor o‘z joyida o‘ynaydi. Markazda esa maydonga tushadigan futbolchilar yetarlicha.
Savol: O‘tgan mavsum sizni menejer sifatida bilgan edik. Ammo hozir bosh murabbiy sifatida murojaat qilishimiz aytildi. Buning sababi nimada?
Javob: Bu borada avval ham aytganman, yana bir bor takrorlayman, menejer – jamoa boshqaruvida bosh murabbiyga qaraganda ko‘proq vakolatga ega bo‘lgan inson. Menejer nafaqat jamoa natijasi va o‘yini, balki boshqa ma’muriy ishlar va akademiya bilan ham shug‘ullanishi kerak. Men aynan shu ishni bajaraman. Ammo Chempionlar ligasida “menejer” tushunchasi yo‘q. Shu sababli bu o‘rinda bosh murabbiy sifatida ishlayman. Ichki birinchilikda esa menejerman.
Savol: Ertaga qanday o‘yin uslubini tanlamoqchisiz?
Javob: Biz raqibni o‘rganib chiqqanimizni aytdim. Ammo ertaga qanday uslubda o‘ynashimizni hozir oshkor qilmoqchi emasman. Bu borada sir saqlashni ma’qul ko‘raman.
Izoh (0)