So‘nggi kunlarda muxlislar orasida “Navbahor”ga yangi bosh murabbiy axtarilayotganligi haqidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Bu kabi mish-mishlar Baxtiyor Ashurmatovni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangach, yuzaga keldi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Garchi Ashurmatov olimpiya terma jamoasi boshqaruvini qo‘lga olgan bo‘lsa-da, “Navbahor” bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatini davom ettiradi. Barchaga ma’lumki, joriy yilgi mavsumda “Navbahor” munosib tarzda ishtirok etish va yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan. Aynan shu maqsadda o‘tgan yilgi tarkib o‘zagi saqlab qolindi. Kuchaytirilishi lozim bo‘lgan chiziqlarga esa yangi o‘yinchilar chaqirilib, ular bilan shartnomalar imzolandi. Hozirda ham seleksiya ishlarini to‘xtamaganligini e’tirof etish joiz. O‘z navbatida, murabbiylar shtabini kuchaytirish borasida ham ish olib borilmoqda. Ya’ni jamoaga maslahatchi murabbiy sifatida ish yuritadigan mutaxassisni taklif etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Xullas, “Navbahor” yangi bosh murabbiy qidirmoqda, degan gap-so‘zlar hech qanday asosga ega emas. Ayni paytda jamoani boshqarayotgan Baxtiyor Ashurmatov “Navbahor” bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatini davom ettiradi. Jamoa manfaatlaridan kelib chiqqan holda murabbiylar shtabiga tajribali mutaxassis jalb etilishi mumkin. Bu borada yangilik ro‘y bersa yoki biror-bir murabbiy bilan kelishuvga erishilsa, “Navbahor” klubi rasmiy sayti xabar beradi.
Izoh (0)