Gollandiyaning Rotterdam shahrida tennis bo‘yicha ATR ABN AMRO World Tennis Tournament musobaqasining asosiy to‘r bahslari davom etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 1 million 600 ming 855 yevrodan iborat turnirda O‘zbekistondan Denis Istomin ham ishtirok etayotgan edi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
O‘zbekistonning birinchi raketkasi ilk davrada ispaniyalik Gilyermo Garsiya Lopesga qarshi kortga chiqdi. Lopes dunyo tennischilar reytingida 27, Istomin esa 64-o‘rinni egallab turibdi. Yakshanba kuni Lopes Zagrebdagi turnirda bosh mukofotni qo‘lga kiritgandi.
Denis Garsiyaga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Har ikki set avvalida raqibiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berayotganiga qaramay, vaziyatni o‘nglab oldi. Lekin baribir tajriba o‘z so‘zini aytdi. 7:6(7:5), 6:4 hisobida zafar quchgan Lopes ikkinchi davraga yo‘l oldi.
Ma’lumot uchun, Denis Istomin birinchi davradagi ishtiroki uchun 10 ming 360 yevro mukofot puliga ega bo‘ldi. Lekin reyting ochkosi ololmadi. G‘olib tennischi esa o‘z hamyonini 358 ming 540 yevroga boyitib olish barobarida 500 reyting ochkosini ham qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)