Toshkentda chaqalog‘ini sotib yuborgan ona farzandini qaytarish uchun aybiga iqror bo‘ldi. Bu haqda “Huquq va burch” jurnaliga asoslanib “Uz24.uz” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yosh oila Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ijaraga uy topib, yashay boshlaydi. Erning vaqti ish qidirish bilan o‘taverdi. Tabiiyki, oilani moddiy ta’minlash og‘irlasha boshladi. Bu mahalga kelib xotinining oy-kuni yaqinlashib qolgandi. Shu alfozda ekan, qo‘shnilaridan biri bo‘lgan ayol qiz bola asrab olmoqchi ekanini aytib qoldi. Qalb ko‘zini parda qoplab olgan er-xotin tug‘ilajak farzandini o‘sha ayolga sotishga qaror qilishdi.Osongina pul topishni o‘ylab, uning eshigini qoqib borishdi. Er-xotin bola tug‘ilganidan keyin barcha hujjatlarni rasmiylashtirishlarini ta’kidlashdi. Ko‘p o‘tmay qo‘shni ayol bilan oila bekasi poliklinikaga yo‘l olishdi. Tug‘ilajak farzandning qiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Xarajatlarga tayyor turgan ayoldan oldindan 600 ming so‘m olib, kunlarini binoyidek o‘tkaza boshlashdi.
Oy kuni yetgach, kelinni “tez yordam” mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi tug‘ruqxonaga olib borishdi. Dori-darmon uchun qo‘shni ayoldan yana 200 ming so‘m olindi. Qizaloqqa mehri uyg‘ongan ona endi qizini berib yuborishga qarshilik qila boshladi. Lekin anchagina pul olib, ishlatib yuborilgandi.
Vaqt o‘tib ona uxlay olmaydigan bo‘lib qoldi. Bir necha bor o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Lekin u farzandini yana qo‘lga olish uchun aybiga iqror bo‘lib, prokuraturaga ariza bilan murojaat qildi. Ilgari bunday holat hech qachon bo‘lmaganini bayon qilib,turmush o‘rtog‘i bola uchun 1,5 million so‘m olganini, unga hamfikr bo‘lib yanglishganini ham yashirmadi.
Biroq g‘isht qolipdan ko‘chgan, ular tuzatib bo‘lmas xatoni sodir etib bo‘lgandi. Ota-onalik mas’uliyatidan qochgan er-xotin sudning qora kursisida o‘tiribdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi binosiga yig‘ilganlar ham bu hodisani aqliga sig‘dira olmayapti. Bir tarafda qo‘shni ayol o‘z farzandidek bo‘lib qolgan qizchasidan ayrilib qolishdan cho‘chib, himoyalanadi: qiz asrab olmoqchi bo‘lganini, er-xotin o‘z bolalarini olishni, moddiy tomondan qiynalib qolishganini, uni tug‘ib o‘stirishga imkonlari yo‘qligini aytishganini, hozir chaqaloq sog‘lom, juda yaxshi o‘sayotganini qayta-qayta takrorlaydi.
Sud er-xotinning jinoiy qilmishi odam savdosi sifatida JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan to‘g‘ri malakalangan, deb hisobladi. Ularning aybiga to‘liq iqrorligini, ilgari sudlanmaganini JKning 55-moddasiga ko‘ra jazoni yengillashtiruvchi holat deb, jinoyatni g‘arazgo‘ylik va past niyatlarda sodir etganligini JKning 56-moddasiga asosan jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholadi. Sud ona sodir etgan jinoyat o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kirsa-da, uning ayol kishi ekanini, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligini, pushaymonligini, mazkur jinoyatni ochishda yordam berganini inobatga oldi. Sudlanuvchilar turli muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qo‘shni ayol tarbiyasidagi qizning taqdirini hal qilish Chilonzor tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi qoshidagi bolalarni muhofaza qilish bo‘limi zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)