Alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi, ayniqsa, yashirin ishlab chiqarishning xomashyo manbalarini fosh etish bo‘yicha SVOJJDLQK departamenti xodimlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Jumladan, departamentning Namangan viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mo‘may daromad topish ilinjida bo‘lgan uch nafar fuqaro Namangan tumani Orzu mahalla fuqarolar yig‘inidagi binolarning birida yashirin sex tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Ular qalbaki aksiz markalardan foydalanib, noqonuniy ravishda qo‘lbola aroq va vino mahsulotlarini ishlab chiqarib sotayotgani aniqlandi.
Tezkor tadbirda qonunbuzarlardan jami 23 million so‘mdan ziyod 4 turdagi 2249 dona qo‘lbola alkogol mahsulotlari va boshqa tovarlar olib qo‘yildi. Ushbu qo‘lbola alkogolli mahsulotlar iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlandi. Egri yo‘lni tanlagan huquqbuzarlar qonun oldida javob berishadi, deyiladi xabarda.
Izoh (0)