Prezident Islom Karimov 27-yanvar kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Pamela Spratlendan ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari elchini ushbu vazifaga tayinlangani bilan tabriklab, uning mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Elchi AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, o‘zaro manfaatli va samarali munosabatlarni kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun mavjud salohiyatni to‘la ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etishga tomonlar alohida ahamiyat beradi.
Tomonlar madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Izoh (0)