Janubiy Koreyaning Herald Sports nashri muxbiri Li Yong Mi terma jamoamiz sardori Server Jeparovdan mulohazalarini so‘rab, internet nashrining bugungi sonida e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Muallifning yozishicha, intervyu o‘ziga xos tarzda uyushtirilgan. Ya’ni, muallifning ingliz tilida yozib bergan savollarini tarjimon rus tiliga tarjima qilib bergan. O‘z navbatida Serverning fikrlarini tarjimon ingliz tiliga tarjima qilib, yozib bergan. Server Jeparov ushbu mulohazalarida bu yilgi Osiyo kubogi, JCh-2014 saralash bosqichi va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashgan.
“Chorak finalga chiqquncha juda ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi. Biz Shimoliy Koreyani yenggach, Xitoyga mag‘lub bo‘ldik va tanazzul holatiga kelib qoldik. Lekin Saudiya Arabistonini yengib, o‘zimizga kelib olganimizdan xursandman. Bu o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida kuzatgan va maydonga tushmagan bo‘lsam ham murabbiyimizdan xafa bo‘lganim yo‘q. U nima qilish kerakligini yaxshi biladi. Jamoadoshlarimning xursandchiligiga sherikman”, − deydi Server.
“Bizning Janubiy Koreya bilan alohida hisob-kitobimiz bor. Men Jahon chempionatidan quruq qolganligimizda Janubiy Koreyani ayblamoqchi emasman. Seulda mag‘lub bo‘lgan holatimizda ham bizda imkoniyat yetarlicha saqlanib qolgan edi. Bu safargi to‘qnashuvimizda o‘tgan mag‘lubiyatlar alamini yuvib tashlash uchun g‘alaba qozonishimiz lozim. Biz butun jamoa bo‘lib koreyslarning Ummon, Quvayt va Avstraliyaga qarshi o‘yinlarini kuzatdik. Murabbiylarimizning o‘z uslublari va dunyoqarashlari bo‘lgani kabi men ham kallamda koreys futbolchilariga qarshi maydonda qanday o‘ynash rejasini pishitib oldim. Koreyslar tarkibida yosh futbolchilar ko‘paygan, buning ustiga murabbiy almashgan. Bu safargi to‘qnashuv avvalgisidan farqli bo‘ladi”.
Server Jeparov Janubiy Koreya tarkibida eng ehtiyot bo‘lish kerak bo‘lgan futbolchi sifatida Germaniya Bundesligasida omadli mavsumni o‘tkazayotgan Song Xeung Minni ko‘rsatib o‘tgan.
“Turnirda hali gol kiritmagan bo‘lsa ham juda xavfli futbolchi. Jamoadoshlarim ham ‘7-raqamli futbolchidan ehtiyot bo‘lish kerak’, deb o‘zaro gapirishmoqda. Men uning boshqa jamoalarga qarshi o‘yinlarini ko‘rib zavqlanaman. Ammo o‘zaro to‘qnashuvimiz yuz berarkan - bunday zavqlanish bo‘lmaydi”.
Shuningdek, Server Jeparov koreyslarning markaziy himoyachisi Kvak Te Xvi haqida ham fikr bildirgan. Muallifning yozishicha, Server va Kvak Te Xvi bitta agentlikning mijozi hisoblanadi. Bu ikkala futbolchiga O&D kompaniyasi agentlik qiladi.
“Men Kvak T’ Xvi bilan Key-ligada ham, Saudiya Arabistoni chempionatida ham to‘qnash kelganman. U bilan bitta agentlik mijozi bo‘lsak ham maydonda qarama-qarshi to‘p suramiz: u to‘p o‘tkazmaslik, men esa gol urish vazifasidamiz. U qanchalik yaxshi o‘ynamasin, baribir men g‘alaba qozonganman‘ (kuladi).
Koreys jurnalisti Server Jeparovning bosh murabbiyimiz Mirjalol Qosimov haqidagi fikrlari bilan ham qiziqqan. “U bizni g‘alaba sari yetaklash ilinjida harakat qilmoqda va bunga erishmoqda. To‘g‘ri, ba’zan muvaffaqiyatsiz o‘yinlar ham o‘tkazdik. Ammo butun jamoamiz unga ishonadi. Biz buni chorak finalda g‘alabamiz bilan isbotlash niyatidamiz‘, − deydi Server.
“Ertaga qanday hisob qayd etiladi deb o‘ylaysiz?”, - degan savolga Server shunday javob bergan: “Men Nostradamus emasman. Lekin bizning g‘alabamizni kutyapman. Janubiy Koreya O‘zbekistonni 1:0 hisobida yengib, JChga chiqqan ekanmi, demak, bu safar biz 1:0 hisobida yengib, yarim finalga chiqamiz”.
Kelajak rejalari xususida Server Jeparov quyidagicha fikr bildirdi: “Hozirda Key-ligadagi bir nechta klublardan takliflar bor. Boshqa davlatlar ligalaridan ham takliflar tushib turibdi. Hammasini Osiyo Kubogidan so‘ng agentim bilan maslahatlashib, hal qilaman”.
Suhbat so‘nggida terma jamoamiz sardori: “Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinga ham bir kungina vaqt qoldi. Bu hayotimdagi eng muhim o‘yin bo‘ladi. Raqibimiz Janubiy Koreya ekanligidan hayajonlanyapman. Biz g‘alaba qozonishni istaymiz. Ertaga kim g‘alaba qozonishidan qat’iy nazar hech kim xafa bo‘lmasligini va mag‘lub jamoa g‘olibni xafagarchiliksiz tabriklashini istardim”, − dedi.
Izoh (0)