Janubiy Koreya terma jamoasining sobiq himoyachisi, hozirda KBS telekanalida sharhlovchi bo‘lib ishlayotgan Li Yong Pyo chorak final oldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
“O‘zbekiston ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rgan bo‘lsangiz, himoya va yarim himoya orasida deyarli bo‘sh joy yo‘qligiga amin bo‘lasiz. Markaziy himoyachilar jismonan kuchli va bo‘ydor. Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda ular havodagi janglarda ustun kelishdi. Himoya chizig‘i juda mustahkam”, - dedi sobiq koreys futbolchisi.
“Ikki qanot yarim himoyachilari ham tezkor. O‘zbek murabbiyi qanday qarorga kelishini bilmadim-u, himoyada unchalik nafi tegmaydigan Jeparovdan foydalanmasa kerak deb o‘ylayapman. O‘ng qanotda harakatlanadigan Rashidovda tezkorlik va dribling a’lo darajada. Chap qanotdagi Hasanovning chap oyoqda beradigan paslaridan himoyalana olish lozim. Chap qanot himoyasidagi Denisovdan ko‘ra o‘ng qanotdagi Muhammadiyevda hujumga ko‘proq qo‘shilishni kuzatyapmiz.
Demak, Muhammadiyev oldinga o‘tgan vaziyatlarda paydo bo‘ladigan bo‘shliqdan unumli foydalanishimiz kerak. Ahmedov masalasiga kelsak, u himoyada ham, hujumda ham birdek xavfli futbolchi hisoblanadi. Lekin Ahmedov hujumga qo‘shilgan chog‘larda himoyada uning o‘rnini munosib to‘ldira olishmayotganligiga guvoh bo‘ldik. Ana shunday vaziyatlarda tezkor qarshi hujumlar bizning foydamizga ishlashi aniq”.
Izoh (0)