Ma’lumki, shu yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berildi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir. Bunda siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.
17-yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida tegishli hujjatlarni, ya’ni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 24¹-moddasiga binoan saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi ko‘rsatilgan ma’lumotnomasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.
“Hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma’lumotnomani beradi, — dedi Markaziy saylov komissiyasi kotibi K. Adilov. — Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab matbuotda e’lon qilinadi”.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Izoh (0)