16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning investitsiya siyosatiga e’tibor qaratdi.
2014-yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10,9 foizga o‘sdi va AQSh dollari hisobida 14 milliard 600 million dollarni tashkil etdi. Bunda jami kapital qo‘yilmalarning 21,2 foizdan ortig‘i yoki 3 milliard dollardan ziyodini xorijiy investitsiya va kreditlar tashkil qildi. Ularning to‘rtdan uch qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.Investitsiya dasturini amalga oshirishda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalarning yildan-yilga faol ishtirok etayotgani barchamizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi. Birgina o‘tgan yilda bunday investitsiyalar hajmi 10,3 foizga o‘sib, 4 milliard 300 million dollarni yoki jami investitsiyalar hajmining qariyb 30 foizini tashkil etdi.
O‘tgan yili tijorat banklarining investitsiyaviy faoliyati ham kengaydi. Ular tomonidan 1 milliard 700 million dollar yoki 2013-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi.
Jami investitsiyalarning 73 foizdan ortig‘i ishlab chiqarish sohasiga va qariyb 40 foizi mashina va uskunalar xarid qilishga sarflandi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining o‘ziga xos xususiyati mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni ta’minlaydigan, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalariga ustuvor ahamiyat berilayotganida namoyon bo‘lmoqda.
2014-yilda iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarida zamonaviy yuqori texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlangan, umumiy qiymati 4 milliard 200 million dollarga teng bo‘lgan 154 ta yirik obyekt foydalanishga topshirildi.
Ularning qatorida yiliga 60 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida Damas va Orlando rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil qilish”, “Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish”, “80 ming tonna rux konsentratini qayta ishlash bo‘yicha rux zavodini rekonstruksiya qilish”, “Mis eritish zavodida yangi sulfat kislota sexini qurish”, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini 50 megavattga oshirish maqsadida “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini to‘liq miqyosda modernizatsiya qilish”, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Mang‘it” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida yiliga 5 ming tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ip-kalava yigiruv korxonasi tashkil etish” va boshqa obyektlarni tilga olish mumkin.
O‘tgan yilda yiliga 25 milliard kub metr gazni uzatish imkonini beradigan Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining 1 ming 830 kilometr uzunlikdagi uchinchi tarmog‘i ishga tushirildi.
Investorlarga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan “Angren” maxsus industrial zonasi, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Jizzax” maxsus industrial zonasining tashkil etilgani yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni rivojlantirish imkonini kengaytirdi. Ushbu zonalar uchun zarur tashqi muhandislik va transport infratuzilmasi to‘liq respublikamiz mablag‘lari hisobidan barpo etilmoqda.
Izoh (0)