16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga e’tibor qaratdi:
Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida shiddat bilan sodir bo‘layotgan jarayonlar va birinchi navbatda, qarama-qarshiliklarning kuchayib borayotgani, jahon bozorlaridagi vaziyatning tez o‘zgarayotgani, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va uning oqibatlari, dunyoning ko‘plab davlatlarida investitsiya faolligining susayishi va o‘sish sur’atlarining pasayishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi, albatta.Shundan kelib chiqib, 2015-yilda yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 108 foiz darajasida bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bu borada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 6 foizga ko‘payishi belgilanmoqda.
Biz o‘z oldimizga iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni 11,7 foizga, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini 11 foiz va nooziq-ovqat tovarlarini 12,1 foizga ko‘paytirish, ushbu mahsulotlarni chakana savdo tarmog‘i orqali sotishni 14,2 foizga oshirish vazifasini qo‘ymoqdamiz.
Joriy yilda xizmat ko‘rsatish sohasini yanada jadal sur’atlar bilan rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Xizmatlar ko‘rsatish hajmini 15,6 foizga oshirish va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 54,5 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Ayni paytda inflatsiya darajasi 5,5 – 6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2014-yilga qaraganda sezilarli darajada pastdir.
2015-yilda ko‘zda tutilayotgan kapital qo‘yilmalar hajmi AQSh dollari hisobida 15 milliard 960 milliondollarni yoki 2014-yilga nisbatan 110,1 foizni tashkil etadi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 23,1 foizga yetadi.
Ushbu mablag‘larning 74,5 foizga yaqini ishlab chiqarish obyektlari qurilishiga, 43,1 foizi asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltiriladi. Chet el investitsiyalari hajmi 3,5 milliard dollardan oshib, ularning umumiy kapital qo‘yilmalar hajmidagi ulushi 22,1 foizni tashkil etadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi esa 11,2 foizga ko‘payadi.
Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari har tomonlama chuqur va puxta o‘ylangan izchil soliq va pul-kredit siyosatini amalga oshirish orqali ta’minlanadi. Ushbu siyosat, avvalambor, iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida uning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirishga qaratiladi.
Birinchi navbatda amalga oshiriladigan vazifalar qatoriga daromad solig‘i stavkasini 7,5 foizga kamaytirish kiradi. Shu bilan birga, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi, sanoat korxonalarida bo‘lganidek, 6 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Izoh (0)