Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi xabar bermoqda.
Baxt uyining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar Prezident rahnamoligida barcha sohalar qatori adliya tizimida ham olib borilayotgan yangilanishlarning yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Xususan, o‘tgan yillarda viloyatning Karmana, Nurota tumanlari hamda Navoiy va Zarafshon shaharlarida zamonaviy baxt uylari barpo etildi. Yangi yil avvalida Qiziltepa tumanida ham shunday muhtasham binoning foydalanishga topshirilgani aholiga, ayniqsa, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi. Yangi koshonada ilk yosh oilaning nikohi qayd etildi.
Qariyb 1,5 milliard mablag‘ evaziga barpo etilgan maskanda barcha qulayliklar yaratilgan. Nikohdan o‘tuvchi yoshlarni kelgusi hayotga tayyorlash, sog‘lom hayot saboqlari, mustahkam oila sirlari haqida tushunchalar berish maqsadida oila dorilfununi tashkil etilgan. Shuningdek, notarial idora faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh (0)