Eron Islom Respublikasi Fransiyaning Charlie Hebdo satirik gazetasida Muhammad (s.a.v) payg‘ambar haqidagi yangi karikaturalar chop etilishini keskin tanqid qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Biz fransuz haftanomasining ig‘vokorona harakatlarini qoralaymiz, chunki bu musulmonlarning hissiyotlariga berilgan zarbadir. G‘arbda so‘z erkinligi suiste’mol qilinayotganini qabul qilib bo‘lmaydi”, − dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasi Marziya Afxam.
“Tasnim” agentligining ma’lum qilishicha, Charlie Hebdo gazetasi bunday mavzudagi karikaturalar bilan bir necha marotaba musulmonlarning g‘azabiga duchor bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, 7-yanvar kuni gazetaning Parijdagi tahririyatiga noma’lum shaxlar hujum uyushtirib, 12 kishini o‘ldirgani xabar berilgan edi. 14-yanvar kuni 3 million adadda chiqarilgan gazetaning yangi sonida (odatiy adaddan 50 marta ko‘p) yana karikaturalar chop etilgan.
Izoh (0)