O‘zbekiston Markaziy banki pulni naqdlashtirish va plastik kartalar orqali to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha qator masalalarga oydinlik kiritdi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2005-yil 5-avgustdagi qaroriga binoan banklar o‘z depozit hisoblari, jumladan plastik kartalardagi mablag‘lar hisobidan aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga uzluksiz ravishda naqd pul berishni ta’minlashlari lozim.
Bank plastik kartochkalari orqali to‘lov amalga oshirilganda tovarlar narxini oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Narx oshirilganda yoki plastik karta orqali to‘lovni qabul qilishdan bosh tortilganda bunday holatlarga chora ko‘rish bo‘yicha vakolatli bo‘lgan shahar va tuman soliq inspeksiyalarining ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin.
Bank aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ilk talabi asosidayoq naqd pulni berishni uzluksiz ta’minlashi lozim. Naqd pul birinchi navbatda oylik maoshi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya, nafaqa, komandirovka to‘lovi, shuningdek aholi omonatlari uchun ajratiladi.
Markaziy bankda va barcha tijorat banklarida, jumladan hududlarda bu masalalardagi arizalarga va ishonch telefonlari orqali murojaatlarga tezkor javob qaytarish tashkil qilingan.
Izoh (0)