Ko‘proq o‘zining bir zumda tasvirlarni chiqarib beruvchi fotokameralari bilan mashhur bo‘lgan Polaroid kompaniyasi CES 2015 ko‘rgazmasida o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan qurilmalar — smartfon va planshetlarni namoyish etmoqda. Bu haqda “Ferra.ru”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Ko‘rgazmada mazkur kompaniyaning ikki xil plansheti — 7 dyuymli sensorli displeyga ega bo‘lgan L7 va 10 dyuymli displeyga ega bo‘lgan L10 planshetlari namoyish etildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ikkala qurilma ham to‘rt yadroli — “o‘ta tezkor” protsessorlar negizida yaratilgan. Biroq bu protsessorlarning ishlab chiqaruvchilari nomi aytib o‘tilmagan. Planshetlar Android 5.0 Lollipop operatsion tizimida ishlaydi.
Biroq ushbu planshetlar haqida kam ma’lumotlar berildi. Unda faqatgina old va orqa kameralar (ko‘rsatish qobiliyati aytilmagan), old dinamiklar, Wi-Fi va Bluetooth simsiz aloqa funksiyalari va “uzoq vaqt avtonom holda ishlashi” ko‘rsatib o‘tildi, xolos. Bu qurilmalar narxining arzonligi bilan qolgan qurilmalardan farqlanib turadi: Polaroid L7 va L10 mos ravishda 99,99 dollar va 149,99 dollar qilib belgilangan. Qurilmalar AQShda bahor faslida sotuvga chiqariladi.
Izoh (0)