O‘zbekistonda tarkibida narkotik va psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarini pochta jo‘natmalari orasida jo‘natish holatlari uchramoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtampt” bojxona posti xodimlari shu turdagi bir necha bojxona qoidabuzarligini fosh qildi.
Poytaxtlik fuqaro nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, buyumlar orasida “CN-23” shaklidagi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 143 dona “Akamol” nomli psixotrop tabletkasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur post xodimlari tomonidan boshqa bir fuqaro nomiga kelgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda esa undagi buyumlar orasida 100 dona “Katapresan” nomli psixotrop tabletkasi borligi aniqlandi.
Shunga o‘xshash yana bir holatda pochta jo‘natmasidagi buyumlar orasidan 90 dona “Tavor” nomli psixotrop tabletkasi topildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)