O‘zbekiston 2015-yilning birinchi haftasida Afg‘oniston bilan chegarani mustahkamlash bo‘yicha qator choralarni ko‘rdi. Bu haqda, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha qo‘mitasidagi manbaga asoslanib “RIA Novosti” ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Ushbu choralar chegaraga yaqin hududlardagi qurollangan guruhlar va narkotrafikning faollashuvi bilan bog‘liq. “Tezkor ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Afg‘oniston hukumatiga bo‘ysunmaydigan qurollangan guruhlarning faolligi oshgan”, – deydi agentlik suhbatdoshi.
MXX Davlat chegaralarini qo‘riqlash bo‘yicha qo‘mitasi vakilining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda vaziyat o‘zgarayotgan vaqtlar uchun maxsus harakat rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu davlat chegarasini odatdagi tartibda, qo‘shimcha kuch jalb qilmasdan qo‘riqlash imkonini beradi.
“Ushbu choralar, birinchi galda, razvedka, axborot to‘plashning qo‘shimcha maxsus vositalaridan foydalangan holda texnik harakatlarni kuchaytirishni nazarda tutadi”, – dedi manba.
Afghanistan analysts network mustaqil notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 137 kilometrga cho‘zilgan chegarasi sobiq SSSR respublikalarining Afg‘oniston bilan chegaralari orasida eng mustahkamidir.
Tahlilchilarning fikricha, odamlarning Afg‘onistondan O‘zbekistonga noqonuniy o‘tishi oldini olish maqsadida chegaradagi yaxshi qurollangan va texnika bilan ta’minlangan nazorat-o‘tkazish punktlaridan tashqari, O‘zbekiston hukumati Amudaryoning o‘ziga tegishli tomonida sohil qo‘riqlash xizmati kemalariga ham ega.
Izoh (0)