AirlineRatings.com portali dunyodagi eng xavfsiz aviakompaniyalarning yillik reytingini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Reytingni yana Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi boshqarmoqda. Ushbu kompaniya hozirda eng yosh flot tarkibiga ega bo‘lib, xodimlarning o‘rtacha xizmat davri 7,9 yilni tashkil etadi.
Shuningdek, kuchli o‘nlikdan Yangi Zelandiyaning Air New Zealand, Buyuk Britaniyaning British Airways, Gonkongning Cathay Pacific Airways, BAAning Emirates va Etihad Airways, Tayvanning EVA Air, Finlandiyaning Finnair, Germaniyaning Lufthansa va Singapurning Singapore Airlines aviakompaniyalari o‘rin olgan.
Bundan tashqari portalda eng xavfsiz arzon aviakompaniyalar o‘nligi ham e’lon qilingan: Aer Lingus (Irlandiya), Alaska Airlines (AQSh), Icelandair (Islandiya), JetBlue (AQSh), Jetstar (Avstraliya), Kulula.com (JAR), Monarch Airlines (Buyuk Britaniya), Thomas Cook (Buyuk Britaniya), TUIfly (Germaniya) va WestJet (Kanada).
Qayd etilishicha, 2014-yilda aviahalokatlar soni 1927-yildan buyon eng kam bo‘lganiga qaramay qurbonlar soni so‘nggi 10 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan oshib ketgan. Ayniqsa, Malayziya samolyotlarining halokatlari ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Xavsizlik darajasi eng past aviakompaniyalar deb Nepalning Tara Air va Nepal Airlines, Qozog‘istonning SCAT Airlines hamda Afg‘onistonning Kam Air kompaniyalari topilgan.
Izoh (0)