O‘zbekistonda 2014−2015-yillar davomida yirik aksionerlik kompaniyalari, uyushmalar va birlashmalarda axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha umumiy miqdori 330 milliard so‘mdan ziyodroq summani tashkil qilgan 86 ta loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsion texnologiyalar davlat qo‘mitasining matbuot xizmatiga asoslanib ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Ma’lum qilinishicha, bu loyihalar sanoatning boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlariga eng zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarini joriy qilish davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston dasturiy mahsulotlar bozorining rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar milliy ro‘yxati tuzilgan bo‘lib, hozirda bu ro‘yxatga respublikadagi 69 ta kompaniya nomi kiritilgan. Dasturiy mahsulot yaratuvchilar katalogi “Software.uz”da 1600 ta dastur haqida ma’lumotlar berilgan.
Ma’lumot uchun, 2017-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekistonning dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalari mamlakatga xorijdan o‘z ehtiyojlari uchun olib kirayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, texnologik hujjatlar va dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilgan.
Bu imtiyozlar O‘zbekiston Prezidentining 2013-yil 20-sentabrdagi “Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy qilingan.
Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish maqsadida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma korxonalar (misol uchun, Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasi bilan) tuzish bo‘yicha qarorlar qabul qilinmoqda.
Izoh (0)