London politsiyasi 2012-yilning iyun oyidan beri WikiLeaks` sayti asoschisi Julian Assanj yashiringan Ekvador elchixonasini qo‘riqlash uchun (uning bu binodan chiqib, boshqa joyga qochib ketmasligini ta’minlash maqsadida) 13,8 million dollar sarfladi. Bu haqda Daily Mail’ga asoslangan “RIA Novosti”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Britaniya sudi jinsiy jinoyatni amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan Assanjni Shvetsiyaga ekstraditsiya qilish bo‘yicha hukm chiqargandan beri u elchixonada yashirinib, yashab kelmoqda. Ekvador hukumati Assanjga boshpana berishga qaror qildi, biroq Buyuk Britaniya o‘zining Shvetsiya oldidagi burchini ado etish qarorida qat’iy turibdi. Elchixona oldida doimiy ravishda politsiyachilar navbatchilik qilmoqda.
Qayd etilishicha, elchixona oldida kun bo‘yi navbatchilikni amalga oshirayotgan uch politsiyachidan iborat naryad uchun kuniga 16,8 ming dollar mablag‘ sarflanmoqda. Skotland-Yardning bir xodimi doimiy ravishda elchixona zinalari poyida turadi, yana ikki nafar politsiya xodimi esa Assanj elchixonaga tashrif buyurgan biror kimsa qiyofasida binoni tark etmasligi uchun bino atrofini aylanib yuradi.
Ma’lumot uchun, Julian Assanj maxfiy hujjatlarni chop etish uchun yaratilgan WikiLeaks` saytining asoschisi (2006) hisoblanadi. 2010-yilda ushbu sayt AQSh harbiylarining 2007-yilda Bag‘dodni vertolyotdan turib hujum uyushtirgani va 18 nafar tinch aholi vakilining o‘limiga sabab bo‘lgani tasvirlangan videolavhani oshkor qilgan edi. Sayt o‘sha yili AQShning diplomatik xarakterdagi 250 mingga yaqin hujjatini chop etishni boshlagan.
Izoh (0)