25-dekabr kuni O‘zbekiston U-16 o‘smir qizlar terma jamoasi OCh saralash ikkinchi uchrashuvida Bahrayn U-16 qizlar terma jamoasini yirik 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va Osiyo chempionati final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining rasmiy saytida xabar berildi.
Bahrayn poytaxti Manama shahri mezbonlik qilgan U-16 o‘smir qizlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati saralashining “A” guruhi o‘yinlari yakuniga yetdi. Ikkinchi uchrashuvda ham Bahrom Norsafarov bosh murabbiyligidagi o‘zbekistonlik o‘smir qizlar yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Avvalroq, 22-dekabr kuni o‘tkazilgan ilk o‘yinda O‘zbekiston U-16 o‘smirlari Bahrayn ustidan yirik 17:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ikkinchi uchrashuvda esa O‘zbekiston o‘smir qizlari Bahraynni 5:0 hisobida raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.
Ta’kidlash lozim, ushbu saralash guruhidan faqatgina Bahrayn va O‘zbekiston o‘smir qizlar terma jamoalari o‘rin olgani bois ikkala terma jamoa o‘zaro ikki marotaba maydonga tushishi talab etilardi. Shu tariqa, har ikki o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozongan O‘zbekiston U-16 o‘smir qizlari guruh g‘olibi sifatida kelasi yilning avgust oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatiga yo‘llanma oldi.
Izoh (0)