2014-yil 25-dekabr kuni Respublika matbuot markazida O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida xabar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rinbosari S. Artikova tadbirda so‘zlagan nutqida 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov milliy saylov qonunchiligi talablariga, unda mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik va muqobillik kabi demokratik tamoyillarga to‘liq mos holda o‘tkazilganini qayd etdi.
“Buni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti missiyalarining saylov yakunlari bo‘yicha baholari, qolaversa, xorijiy mamlakatlar kuzatuvchilarining ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidagi e’tirofi ham tasdiqlaydi, — dedi Artikova. — Eng muhimi, saylovchilar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mukammal yaratilganini e’tirof etishdi”.
Shuningdek, Artikova qayd etishicha, Markaziy saylov komissiyasiga saylov yakunlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan saylov to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi yuzasidan ma’lumot va murojaatlar tushmagan.
Izoh (0)