Joriy yilning 23−24-dekabr kunlari Toshkent shahrida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan konstitutsiyamizning 22 yilligiga bag‘ishlab “Prezident asarlarini o‘rganamiz” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2001-yildan beri umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Prezident asarlarini o‘rganamiz” tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Uni o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘quvchi-yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularga bosh qomusimiz mazmun-mohiyatini puxta o‘rgatish, yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash yo‘lida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat.
Tanlov to‘rt bosqichda: maktab, tuman, viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilib, unda o‘quvchilar ijodiy ishlari bilan ishtirok etadilar hamda huquqiy bilmlarini namoyish qilishadi. Ko‘rik-tanlovning yakuniy respublika bosqichida barcha hududlardan tashrif buyurgan jami 15 nafar o‘quvchi o‘zaro bellashdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan maktabining 9-sinf o‘quvchisi Xudoyqulova Sabina 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani 27-umumta‘lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Mo‘minbayeva Shoira egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Toshkent shahri A. Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi O‘rolov Abdulhayga nasib etdi. Ko‘rik-tanlov g‘olib va ishtirokchilariga Xalq ta’limi vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Izoh (0)