AQSh poytaxti Vashington shahridagi Jorj Vashington nomidagi universitetning L. Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabida 1969-yil taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani asosida “O‘zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “O‘tgan kunlar” badiiy filmi namoyish etildi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligining rasmiy saytida xabar berildi.
Ushbu film o‘zbek kino san’atiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ko‘rsatildi, deyiladi xabarda. Ma’lum qilinishicha, “bunday tadbir AQSh aholisini o‘zbek xalqining tarixiy merosi, madaniy-ma’naviy qadriyatlari bilan yaxshilab tanishtirish maqsadida o‘tkazilmoqda”.
“Ushbu kartina o‘zbek mumtoz kinosining ajoyib namunalaridan biridir. O‘zbek kinematografiyasiga filmlar mavzulari rang-barangligi, janrlar va yo‘nalishlar ko‘pligi xosdir”, — dedi tadbirda nutq so‘zlagan L. Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabining Markaziy Osiyo dasturi direktori M. Lorel.
Bundan tashqari, M. Lorel O‘zbekistonda kino san’ati jadal rivojlanib borayotgani va ushbu yo‘nalishda hukumat qo‘rsatayotgan ko‘mak muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Qayd etilishicha, kelasi yili Vashington shahrida “O‘zbek kinosi haftaligi”ni o‘tkazishga qiziqish bildirgan Amerika tomoni mazkur tadbirga O‘zbekistonning mashhur kinoijodkorlarini taklif qilishni mo‘ljallamoqda.
Izoh (0)