O‘tgan davr mobaynida Navoiy viloyatida xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yangi yo‘llar qurildi, mavjudlari tubdan rekonstruksiya qilindi. Boshqacha aytganda, sement-beton, asfalt-beton, tosh-shag‘al qoplamali yo‘llar ikki barobar ko‘paydi, deb xabar bermoqda “Xalq so‘zi” gazetasi.
“Navoiyavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish korxonasida mehnat qiladigan salkam 1400 kishi voha hududi, jumladan, Qizilqum kengliklarida amalga oshirilayotgan yo‘llarni ta’mirlash, qayta qurish, yangidan bunyod etish kabi bunyodkorlik yumushlarida sifat va samaradorlikni oshirishga harakat qilmoqda. Faqat joriy yilda qurilish-montaj ishlarini bajarishda 2013-yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 30 foiz o‘sishga erishildi.
“Viloyat hududidagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini to‘la ta’mirlash bo‘yicha yettita obyektda ish olib borilmoqda, — dedi korxona bosh mutaxassisi Dilshod Pirnazarov. — Shu bilan birga, Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi buyurtmasiga muvofiq, mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llaridagi sakkizta obyekt va beshta ko‘prikda ham qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti”.
Yaqinda Navoiy shahrining Navoiy va Nizomiy ko‘chalari kesishuvidan katta avtomobil yo‘liga tutashuvchi 3,4 kilometrlik yangi yo‘l foydalanishga topshirildi. Uch yil mobaynida bu yerda qariyb 11 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, turli xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, zamonaviy qiyofa kasb etgan beshta ko‘prik bunyod etildi.
69 kilometrlik xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari esa Navoiy ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi tasarrufidadir.
Viloyat hududidagi yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlarida 250 dan ortiq turli texnika imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Birgina shu yilning o‘zida korxonaning Karmana, Nurota, Navbahor, Uchquduq, Qiziltepa va Xatirchi tumanlari yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish hamda Navoiydagi ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonalarining texnika parki ekskavator, avtosamosval, yuklagich, yo‘lsozlik va suv sepish mashinalari kabi 17 ta texnika vositasi hisobiga kengaytirildi. Bunyodkorlik yumushlarining o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida, shuningdek, mavjud yettita asfalt-beton sexining to‘la quvvat bilan ishlayotgani ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh (0)