Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga asosan maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM)ga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashga mo‘ljallab chop etilgan besh nomdagi (“Nutq o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorgarlik”, “Matematik tasavvurlarni shakllantirish”, “She’riy asarlar to‘plami”, “Nasriy asarlar to‘plami”, “Sog‘ tanda — sog‘lom aql”) qo‘llanmalarning joylarga yetkazilishi va ulardan oilalarning foydalanishini ta’minlash tartibi tasdiqlandi, deb xabar berildi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida.
“Mazkur tartib besh nomdagi rangli, suratli kitoblarni manzilli ro‘yxat asosida bosqichma-bosqich joylarga yetkazishni ko‘zda tutadi. Unga ko‘ra, jarayon quyidagicha amalga oshiriladi. Avvalo, Respublika ‘Ta’limta’minot’ unitar korxonasi qo‘llanmalarni nashriyotdan qabul qilib olgach, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi korxonalariga yetib borishini ta’minlaydi.
Kitoblar tashkilotlar orqali taqsimotga asosan umumta’lim maktablari kutubxonasiga yetkaziladi. Ularni tarqatish yuzasidan tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlarining buyrug‘i chiqarilib, mas’ullar tayinlangach, qo‘llanmalar ota-onalarga beriladi”, — dedi Xalq ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i Sabohat Mirjalilova.
Sabohat Mirjalilovaning ma’lum qilishicha, qo‘llanmalardan unumli foydalanishni aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, MTM tarbiyachilari va boshqa mas’ullarning oilalarda tushuntirish ishlarini olib borishini tashkil etish maqsadida 10 ming to‘plam qo‘llanma O‘zbekistondagi mavjud 4950 ta MTM (har biriga ikki to‘plamdan), hududiy malaka oshirish institutlari (har biriga besh to‘plamdan), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari (har biriga bir to‘plamdan), Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markaziga (16 to‘plam) berilgan.
Qayd etilishicha, shu kungacha bu bosqichdagi barcha ishlar yakunlangan.
Besh nomdagi kitoblar faqat MTMga qamrab olinmagan 5-6 yoshli farzandlari bor oilalarga taqdim etiladi. Ota-onalar kitobni olgach, haqiqatan ham, kitob berilgani, farzandlari 1-sinfga borganda kitobni maktab kutubxonasiga qaytarishi to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekadi. Har bir ota-ona farzandi bilan bir yil davomida qo‘llanmalar asosida shug‘ullanadi. Yuqorida qayd etilganidek, farzandi 1-sinfga qabul qilingach, kitoblarni maktab kutubxonasiga qaytaradi.
Kitoblardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ota-onalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish borasida ham muayyan vazifalar belgilangan. Jumladan, tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari metodistlari, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglari o‘z hududlaridagi 5-6 yoshli farzandlari maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olinmagan oilalarga besh nomdagi qo‘llanmalardan foydalanish yuzasidan maslahatlar beryapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq besh nomdagi mazkur kitoblar 436 130 nafar oilaga bepul tarqatilayotgani xabar qilingan edi.
Izoh (0)