2014-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishiga muvofiq “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha respublika Komissiyasi tashkil etildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining matbuot xizmati.
Davlat rahbari tomonidan “keksa avlod vakillarining hayotiga daxldor bo‘lgan, hali-beri yechilmagan muammolarni hal qilish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish” dasturning asosiy maqsadi sifatida belgilab berildi.
Farmoyishda qonunchilik, pensiya ta’minoti va ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, yoshga oid kasalliklar, jumladan, ko‘rish va eshitishning zaiflashuvi kabi kasalliklar profilaktikasi hamda keksa avlod vakillarini sog‘lomlashtirish tadbirlarini yanada takomillashtirish kabi keng miqyosdagi masalalar qatorida, keksalar uchun qulaylik tug‘diruvchi, shu jumladan, ularning turli xil ma’lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olishlarida barcha qulayliklarga ega davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakillantirish, ko‘rish, eshitish va harakatlanishida muammosi bor insonlarni reabilitatsiyaning texnik va boshqa yordamchi vositalari bilan ta’minlash kabi tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan bir qatorda, Dasturni shakllantirishda keksa avlod vakillarining har bir yosh toifasining individual ehtiyojlariga ham e’tibor qaratiladi: Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasnifiga ko‘ra, 60 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan aholi — keksalar, 75 yoshdan 89 yoshgacha bo‘lgan aholi — qariyalar, 90 va undan ortiq yoshdagilar uzoq umr ko‘ruvchilar hisoblanadi.
Keksa avlod vakillarining maroqli hordig‘ini tashkil etish masalalari ham muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda ularning qiziqishiga mos ko‘rsatuvlar, spektakllar va filmlar namoyishini ko‘paytirish, yangi ko‘ngilochar va madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Dasturda keksa avlod vakillarini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishiga yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularga mos sayyohlik xizmatlarining turi va shaklini kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan davlat dasturi doirasida ko‘zda tutilayotgan tadbirlarni moliyaviy manbalariga aniqlik kiritilgan holda takliflar ishlab chiqilmoqda.
Dastur loyihasi keksa avlod bilan yaqin hamkorlikda, jamoat tashkilotlari ko‘magida ishlab chiqilmoqda. Jumladan, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston “Nogironlar” jamiyati, O‘zNNTMA hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari Dastur loyihasini tayyorlashda faol ishtirok etmoqda.
Hozirgi kunda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar negizida ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan reabilitatsiyaning texnik va yordamchi vositalari hamda aloqa vositalari, sanitariya-gigiyena mahsulotlari (nogironlar aravachalari, eshitish va harakatlanish moslamalari, ko‘zi ojizlar uchun hassa hamda yozuv jihozlari, hojatxona va yuvinish xonalari uchun maxsus kursi va stullar, ko‘chma panduslar, maxsus ko‘tarish moslamalari va h.k) ro‘yxati tuzilmoqda. Shuningdek, vazirlik tomonidan yolg‘iz keksalar uchun ko‘rsatiladigan moddiy yordam (jumladan, har oy beriladigan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar) turini kengaytirish va sifatini oshirish, o‘ta og‘ir kasalikka chalingan va prognozi noxush bemorlarga maxsus palliativ (xospis) xizmati ko‘rsatish bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Izoh (0)