Toshkent shahar hokimligida shaharda amalga oshirilayotgan arxitektura va shaharsozlik ishlari, zamonaviy talablarga javob bermaydigan obyektlarni rekonstruksiya qilish rejalari, shuningdek, yangi inshootlar barpo etish loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayni paytda arxitektorlar va loyihachilar tomonidan Toshkentning eski shahar qismini obodonlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, obodonlashtirish ishlari doirasida 2014-yil Olmazor va Yunusobod tumanlarini birlashtiruvchi yangi Nurafshon ko‘chasi bunyod etildi. Yaqin vaqt ichida bu yerda uch va besh qavatli zamonaviy uylar, favvoralar qurilib, atrofi ko‘kalamzorlashtiriladi.
Bundan tashqari, ushbu ko‘chada ilk marotaba piyodalar uchun eskalatorli eksperimental ko‘prik barpo etiladi, deyiladi xabarda. Ko‘prik aynan qachon qurilishi haqida O‘zA axborotida ma’lumot berilmagan.
Aviasozlar, Qo‘yliq, Sirg‘ali, Yunusobod, TTZ bozorlarini tubdan rekonstruksiya qilish, shuningdek, yirik bozorlar atrofida avtomobillar tirbandligini kamaytirish istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalardandir, deyiladi O‘zA xabarida.
Izoh (0)