Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlari to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Saylov uchastkalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari saylov uchastkalarida qator profilaktika tadbirlari, jumladan, yong‘in-texnik tekshiruvlarni o‘tkazmoqda.
Yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan birlamchi o‘t o‘chirish vositalarining mavjudligi va gidrantlar, shuningdek, ularning yaroqlilik holati tekshirildi. Kirish yo‘laklaridagi qo‘shimcha qurilishlar va belgilanmagan joylardagi avtomobillar turar joylari olib tashlandi. Bundan tashqari, ichki va tashqi yong‘inga qarshi suv quvurlari, yoritish va elektr tarmog‘ining sozligi tekshirilib, avtomatik yong‘indan ogohlantirish tizimi amalda sinab ko‘rildi va boshqa tegishli ishlar amalga oshirildi.
Saylov komissiyalari raislari va a’zolari ishtirokida o‘tkazilayotgan trening hamda seminarlar saylov uchastkalarida amalga oshirilayotgan profilaktika tadbirlarida muhim o‘rin tutmoqda. Chunki obyektdagi yong‘in xavfsizligi ularning faoliyatiga bog‘liq. Tadbirlarda yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari saylov uchastkasida yong‘in xavfsizligiga rioya etish, davlat yong‘in nazorati talab va buyruqlari ijrosini ta’minlash to‘g‘risida atroflicha so‘zlab bermoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni paytda birlamchi o‘t o‘chirish vositalari, yong‘indan ogohlantirish tizimi va aloqa vositalarining mavjudligi, sozligi va qo‘llashga tayyorligini ta’minlash, shuningdek, saylov komissiyalari a’zolari va saylovni o‘tkazishga jalb etilgan xodimlarga yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlari, yong‘in chiqqan holatlarda qanday harakat qilish haqida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish talab qilinadi.
“Saylov kuni uchastkamizga 1,7 ming nafardan ortiq saylovchi ovoz berish uchun keladi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida foydalanilayotgan binolar ko‘rikdan o‘tkazilib, elektr simlari, asbob-uskunalar va rozetkalar tekshirildi, o‘t o‘chirgichlar shay holatga keltirildi”, – dedi 117-uchastka saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari S. Hasanov.